MOLIYAVIY HISOBOTNING XALQARO STANDARTLARIGA OʻTISHNING MASALALARI

Kurbanov Ziyat Niyazovich

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori

Abstract

Mazkur maqolada moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS/IFRS) oʻtish jarayonining nazariy va amaliy jihatlari tahlil qilingan. Unda raqamli iqtisodiyot sharoitida milliy buxgalteriya hisobini xalqaro talablarga moslashtirish zarurati, jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlarning mohiyati hamda ularni tasniflash mezonlari yoritilgan. Shuningdek, MHXSni joriy etishning iqtisodiy ahamiyati, investitsion jozibadorlikni oshirishdagi oʻrni va mavjud muammolar koʻrib chiqilgan. Tadqiqot natijasida ushbu jarayonni takomillashtirishga qaratilgan ilmiy xulosalar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Keywords

moliyaviy hisob, buxgalteriya hisobi, raqamli iqtisodiyot, jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar, standartlashtirish, investitsion jozibadorlik.

Full text

Mamlakatimizda buxgalteriya hisobini tashkil etish va amaliyotda xalqaro standartlarni qoʻllash buxgalteriya hisobi metodologiyasini takomillashtirishni talab etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-sentyabrdagi “Moliyaviy hisob tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiq takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PQ 282-son-qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-apreldagi 171-son “Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllash uchun auditning xalqaro standartlarini tan olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorlari buxgalteriya hisobi tizimini xalqaro ilmiy asoslangan standartlarga moslashtirish va takomillashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish zaruriyatini tugʻdirmoqda.

Asosiy qism. Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha iqtisodchilar tomonidan turlicha fikrlar bildirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining (2025) 2025-yil 15-sentyabrdagi “Moliyaviy hisob tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiq takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PQ 282-son-qarori Moliyaviy hisobotlarni tuzishda aniqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha koʻrilgan choralar natijasida yirik korxonalarning moliyaviy hisobotlari Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (International Financial Reporting Standards (IFRS) asosida tuzishga oʻtilgani, moliyaviy hisobning milliy tizimini xalqaro talablarga uygʻunlashtirishga erishilgani, kadrlar salohiyatini oshirish boʻyicha tizimli choralar koʻrilayotganligi koʻrsatib oʻtilgan [1].

I.N.Ismanov (2017) moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarining mohiyatini quyidagicha ifodalagan: “MHXS korxona faoliyati toʻgʻrisida moliyaviy axborotlarning manbai boʻlgan va foydalanuvchilar uchun xizmat qiladigan moliyaviy hisobot tayyorlashga yoʻnaltirilgan. Ushbu standartlar alohida olingan mamlakatning qonunchiligiga bogʻlanmagan va faoliyat turi, oʻlchami, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar barcha korxona hisobotini shakllantirish uchun yoʻnaltirilgan” [Ismanov, 2].

X.Rizayevning (2022) qarashi, «Oʻzbekistonda ayni vaqtda MHXS joriy etib borilishi bilan MHXS boʻyicha hisobot va soliq tizimi oʻrtasida nizolar boʻlishi aniq. Shu sababli MHXS boʻyicha hisob yuritishga oʻtishda, moliyaviy hisobni yuritish uchun MHXS normalaridan foydalanish qoidalarini va koʻpgina yoʻriqnomalarni chiqarish kerak boʻladi»[Rizayev, 3].

MHXSga oʻtishning ahamiyatini S.N.Tashnazarov (2021)quyidagicha izohlagan, «mamlakatimizdagi aksiyadorlik jamiyatlari, masʼuliyati cheklangan jamiyatlar va boshqa korxonalarning ixtiyoriylik asosida oʻz tashabbuslari bilan MHXSlari asosida moliyaviy hisobotga oʻtishlariga erishishimiz lozim. Korxona va tashkilotlar oʻzlari MHXSlariga oʻtishda naf olishlari, uning afzalliklarini his qilishlari lozim. MHXSlar orqali investitsiyaviy jozibadorligiga erishish yoʻli bilan korxonalarning moliyaviy barqarorligini taʼminlash strategik ahamiyatga ega boʻlgan vazifa sifatida qaralishi lozim» [Tashnazarov, 4].

Ye.Nesterenkoni yozishicha (2025) “2023-yil iyun oyida IFRS Kengashi birinchi marta barqarorlik bilan bogʻliq ikkita yangi standartni chiqardi: IFRS S1 “Barqarorlik bilan bogʻliq moliyaviy maʼlumotlarni oshkor qilish uchun umumiy talablar” va IFRS S2 “Iqlim bilan bogʻliq maʼlumotlarni ochib berish”. Ular barqarorlik va iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlgan xavf va imkoniyatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor qilish talablarini belgilaydi, ular korxonaning pul oqimiga, moliyalashtirishga kirishiga yoki kapital qiymatiga taʼsir qiladi” [Nesterenko, 5].

Ye.Zibarevaning (2025) fikricha, “IFRS S1 barqarorlik risklari va imkoniyatlarini va oshkor etilishi kerak boʻlgan tegishli maʼlumotlarni aniqlash boʻyicha koʻrsatmalar beradi. Ushbu maqsadga erishish uchun IFRS S1 korxonalardan korxonaga taʼsir qiluvchi barcha muhim barqarorlik risklari va imkoniyatlarini aniqlash va oshkor qilish uchun ikki bosqichli jarayonni bajarishni talab qiladi:

- birinchi qadam barqarorlik bilan bogʻliq risklarni va biznesga qisqa, oʻrta va uzoq muddatda taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan imkoniyatlarni aniqlashga yordam beradi. — ikkinchi qadam 1-qadamda belgilangan barqarorlik bilan bogʻliq risklar va imkoniyatlar haqida qanday maʼlumotlarni oshkor qilish kerakligini aniqlashga yordam beradi” [Zibareva, 6].

Z.N.Kurbanovning (2025) fikricha, “Jahonda roʻy berayotgan jadal globallashuv jarayoniga mamlakatimiz iqtisodiyotini moslashuvini talab qiladi. Global investitsiya portfeliga ega xalqaro investorlar kompaniyalar tomonidan iqlim va boshqa ekologik, ijtimoiy va boshqaruv masalalari boʻyicha yuqori sifatli, shaffof, ishonchli va qiyoslanuvchan hisobotlarni talab qilmoqdalar.Moliyaviy hisob tizimini zamonaviy talablar va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish yoʻnalishlaridan biri boʻlib, moliyaviy hisobotning barqarorlik standartlari (IFRS Sustainability Standards)ni oʻrganib, mamlakatimiz amaliyotiga joriy etishdir” [Kurbanov, 7].

1-jadval

Oʻzbekiston Respublikasida 2022-2026-yillarda xorijiy kapital ishtirokida faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar soni[1]

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar

2022-yil

1-yanvar holatiga

2023-yil

1-yanvar holatiga

2024-yil

1-yanvar holatiga

2025-yil

1-yanvar

holatiga

2026-yil

1-yanvar

holatiga

Qoʻshma korxonalar

5 988

6 419

4 657

4 247

4 282

Xorijiy korxonalar

7 301

9 382

9 396

13 917

14 231

Jami:

13 289

15 801

14 053

18 164

18 513

 

Mamlakatimizda buxgalteriya hisobi tizimini moliyaviy hisobotning xalqaro talab va standartlarni joriy etish zaruriyati yuqorida keltirilgan iqtisodchilarning ilmiy ishlarida asoslab berilgan. Shuningdek, mamlakatimizda keyingi yillarda xorijiy kapital ishtirokida faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar soni oʻsib borayotganligi ham MHXSlarini amaliyotda qoʻllashni zaruriyat qilib qoʻymoqda.

Mamlakatimizda yildan yilga xorijiy kapital ishtirokida faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar soni oshib bormoqda (1-jadval).

2022-yil 1-yanvar holatiga bu korxonalar soni 13 289 boʻlgan boʻlsa, 2026-yil 1-yanvar holatiga 18513 ta boʻlib, ularning 4 282 tasi qoʻshma korxona boʻlsa, 14 231 tasi xorijiy korxonalarni tashkil qilgan. Hozirgi vaqtda 4 282 tasi qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, ularning koʻpi “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida shakllantirilgan.Maʼlumotlarga koʻra, hozirda mamlakatda 295 ta neft-gaz koni bor. Shundan 118 tasi – 40 foiziga “Oʻzbekneftgaz” (davlat) egalik qiladi. Qolgan 176 tasi qoʻshma korxonalar va xorijiy kompaniyalarga tegishli.

Oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, yuqorida keltirilgan xorijiy kapital ishtirokida faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar buxgalteriya hisobi tizimi amaliyotiga moliyaviy hisobotning xalqaro talab va standartlari joriy etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-sentyabrdagi “Moliyaviy hisob tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiq takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PQ 282-son-qarorida “Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar“ tushunchasi kiritilgan boʻlib, faoliyat turi va (yoki) aktivlari miqdori tufayli yuqori ijtimoiy va iqtisodiy taʼsirga, shuningdek, keng doiradagi manfaatdor tomonlarga ega boʻlish kabi mezonlarga javob beradigan tadbirkorlik subyektlari Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritiladi deb belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 27-dekabrdagi qarori bilan Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari, ularning moliyaviy hisobotlari va auditiga qoʻyiladigan talablar hamda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlandi [Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 27-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3736] [8].

Yuqoridagi Nizomda “Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar”ga “Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar — faoliyat turi, aktivlari hamda yillik tushumi, dividend shaklidagi daromadlari miqdori yoki xodimlarining soni tufayli yuqori ijtimoiy va iqtisodiy taʼsirga, shuningdek, keng doiradagi manfaatdor tomonlarga ega boʻlish kabi mezonlarga javob beradigan tijorat tashkilotlari” deb taʼrif berilgan.

Nizomda jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari keltirilgan boʻlib, ular quyidagilar:

1. Qimmatli qogʻozlari fond birjasining listingiga kiritilgan va ommaviy savdolarga chiqariladigan (Publicly Traded Entity) tashkilotlar.

2. Tijorat banklari, mikromoliya banklari, mikromoliya tashkilotlari, faktoring tashkilotlari, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari va kafolatlar berish tashkilotlari, toʻlov tizimi operatorlari, toʻlov tashkilotlari.

3. Investitsiya fondlari.

4. Birjalar.

5. Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi ellik foiz va undan ortiq boʻlgan hamda bir vaqtning oʻzida ketma-ket oxirgi ikki kalendar yil davomida mazkur Mezonlarning 6-bandi “a” kichik bandiga muvofiq keladigan hamda mahsulot, tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan yillik sof tushumi va dividend shaklidagi daromadlari birgalikda bazaviy hisoblash miqdorining bir million baravari va undan ortiq boʻlgan davlat ishtirokidagi korxonalar.

6. Bir vaqtning oʻzida ketma-ket oxirgi ikki kalendar yil davomida hisobot yili yakunlariga koʻra:

a) aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining bir million baravari va undan ortiq;

b) mahsulot, tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan yillik sof tushumi bazaviy hisoblash miqdorining bir million baravari va undan ortiq;

d) xodimlarining oʻrtacha yillik soni besh yuz nafardan kam boʻlmagan tashkilotlar.

Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar tomonidan “MHXSning barqarorlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor etish standartlari” (IFRS Sustainability Disclosure Standards) 2027-yil 1-yanvardan boshlab qoʻllaniladi.

Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar oʻzining moliyaviy hisobotini hamda “MHXSning barqarorlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor etish standartlari” asosida tuzilgan hisobotini auditorlik xulosasi bilan birga oʻz veb-saytida va Korporativ axborot yagona portalida aksiyadorlarning yoki tashkilotning boshqa yuqori boshqaruv organining yillik umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin, ammo hisobot yilidan keyingi yilning 15-iyunidan kechiktirmay eʼlon qilish koʻzda tutilgan.

Xulosa va takliflar. Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini mamlakatimizda tan olish va amaliyotga joriy etish borasida xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish asosida, ularning ijobiy tomonlarini mamlakatimiz amaliyotida foydalanish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar” toifasiga kiradigan tashkilotlar roʻyxatini shakllantirish lozim.

Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini amaliyotda qoʻllaydigan “Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar” toifasiga kiradigan tashkilotlar uchun moliyaviy hisobot shakllarini ishlab chiqish yoki mavjudlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

 



[1] Jadval muallif tomonidan tayyorlangan.