OʻZBEKISTONNING MUSTAQILLIK YILLARIDA IQTISODIY TAHLIL FANINING RIVOJLANISH TARIXI
Abstract
Mazkur maqolada Oʻzbekiston Respublikasining mustaqillik yillarida iqtisodiy tahlil fanining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari tahlil qilinadi. Unda iqtisodiy tahlilning nazariy asoslari, moliyaviy va boshqaruv tahlili yoʻnalishlarining shakllanish jarayoni hamda ushbu sohada yaratilgan ilmiy adabiyotlar koʻrib chiqilgan. Shuningdek, mamlakatimizda iqtisodiy tahlil boʻyicha ilmiy maktablarning vujudga kelishi, ularning rivojlanish tendensiyalari va ilmiy qarashlar xilma-xilligi yoritilgan. Tadqiqot natijasida iqtisodiy tahlil fanining milliy iqtisodiyotdagi ahamiyati asoslab berilgan.
Keywords
iqtisodiy tahlil, moliyaviy tahlil, boshqaruv tahlili, ilmiy maktablar, nazariy asoslar, iqtisodiy rivojlanish, tahlil metodologiyasi.
Full text
Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida tahlilga oid adabiyotlar ham boshqa fanlar singari Davlat tilida oʻzimizning xususiyatlarimizni inobatga olgan holda nashr qilina boshlandi. Mazkur fanga oid adabiyotlar mustaqillik yillarida asosan Samarqand va Toshkent oliy oʻquv yurtlari olimlari tomonidan yaratildi. Toshkentda ushbu fan boʻyicha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya instituti olimlari jonbozlik koʻrsatdilar. Samarqandda esa Samarqand iqtisodiyot maktabi shakllangan iqtisodiyot va servis instituti olimlari tomonidan salmoqli hissa qoʻshib kelmoqdalar.
Samarqand iqtisodiyot maktabi olimlari tomonidan yaratilayotgan tahlilga oid asarlar tahlilning turli qirralarini qamrab oladilar. Mamlakatimizda iqtisodiy tahlilning nazariyasi boʻyicha birinchi darslik Samarqandda yaratildi. Bu oʻzbek tilida M.Q.Pardayev tomonidan yozilgan “Iqtisodiy tahlil nazariyasi” boʻyicha darslik boʻlib 2001-yilda nashrdan chiqdi [1]. Mazkur darslik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi ilmiy-uslubiy birlashmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash hayʼatining 2000-yil 21-apreldagi 13-sonli qarori bilan nashrga tavsiya etilgan edi.
Soʻngra iqtisodiy tahlil nazariyasi boʻyicha bir qancha oʻquv qoʻllanmalar nashrdan chiqarildi. Bular jumlasiga Toshkent moliya instituti olimlari A.Vaxabov, A.Ibrohimov va B.Hakimovlar tomonidan nashr qilingan “Iqtisodiy tahlil nazariyasi” boʻyicha oʻquv qoʻllanmani [2] misol keltirish mumkin. Bir yildan keyin Toshkent iqtisodiyot universiteti olimlari A.X. Shoalimov va Sh.A.Tojiboyevalar tomonidan ishlab chiqilgan “Iqtisodiy tahlil nazariyasi” boʻyicha maʼruza matni nashrdan chiqdi [3]. Ushbu kitob 2006-yilda yana oʻquv qoʻllanma sifatida qayta nashrdan chiqarildi. Samarqand qishloq xoʻjalik instituti olimlaridan T.Q.Qudratov ham “Iqtisodiy tahlil nazariyasi” boʻyicha maʼruza matnini 2004-yilda [4] nashrdan chiqardi.
Iqtisodiyot tahlil nazariyasiga oid masalalar ayrim darslik va oʻquv qoʻllanmalarda ham qarab chiqiladigan boʻldi. Bular jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin. M.Q.Pardayev, B.I.Isroilovlar tomonidan tayyorlangan “Moliyaviy tahlil” albomni [5], A.Vaxabov, A.Ibrohimov, N.Ishankulovlarning “Moliyaviy va boshqaruv tahlili” darsligini [6], Ye.Ergeshevning “Iqtisodiy va moliyaviy tahlil” darsligini [7], M.Q.Pardayev rahbarligida B.A.Hasanov, J.I.Isroilov, M.E.Pulatov, Oʻ.T.Eshboyev va A.N.Xolikulovlar tomonidan “Moliyaviy va boshqaruv tahlili” oʻquv qoʻllanmani [8], M.K.Pardayev, B.I.Isroilovlar tomonidan tayyorlangan “Iqtisodiy tahlil” oʻquv qoʻllanmani [9], M.K. Pardayev, I.T.Abdukarimov, B.I. Isroilovlar hammuallifligida tayyorlangan “Iqtisodiy tahlil” oʻquv qoʻllanma [10], N.F.Ishankulov, M.Q.Pardayev, A.T.Ibrohimov, Q.M.Misirov va U.A.Nurmanovlarning “Iqtisodiy tahlil nazariyasi” [11], kabilarni kiritish mumkin.
Xullas, mustaqillik yillarida iqtisodiy tahlilning oʻzimizga xos nazariyasi shakllantirildi. Uning predmeti, metodi, usullari, vazifalari, tarixi, qoʻllaniladigan koʻrsatkichlar tizimi, xoʻjalik faoliyatiga taʼsir qiluvchi omillar, omillarni hisoblash yoʻllari, iqtisodiy tahlilning turlari, shakllari kabi nazariy masalalarga aniqlik kiritildi. Bu borada fikrlarning xilma-xilligi, ayrim masalalar boʻyicha olimlarimizning turli qarashlari, ular oʻrtasidagi munozaralarning mavjudligi ham ayon boʻldi.
Mamlakatimizda iqtisodiy tahlilning bevosita umumetodologik muammolariga bagʻishlangan asarlar ham mustaqillik yillarida yaratildi. Shuni eʼtirof etish kerakki, mamlakatimiz olimlari iqtisodiy tahlilni uch qismga boʻlib oʻrganish lozimligi xususida bir toʻxtamga kelishdi. Hamma adabiyotlarda iqtisodiy tahlil nazariyasi, moliyaviy va boshqaruv tahlili alohida-alohida qarab chiqilmoqda.
Aslida iqtisodiy tahlil yaxlit fan. Shu boisdan mazkur fanni yaxlit holda ham qarab chiqilishi lozimligi xususida ayrim fikrlar mavjud. Bular jumlasiga yuqorida nomlari keltirilgan M.K.Pardayev, B.I. Isroilovlarning 2 qismdan iborat “Iqtisodiy tahlil”, oʻquv qoʻllanmasini, M.K.Pardayev, I.T.Abdukarimov va B.I.Isroilovlarning “Iqtisodiy tahlil” lotin alifbosidagi oʻquv qoʻllanmasini, Yo.Abdullayev, A.Ibroximov va M.Raximovlarning “Iqtisodiy tahlil: 100 savol va javob”, M.Q.Pardayev, J.I.Isroilov, B.I.Isroilovlarning “Iqtisodiy tahlil” oʻquv qoʻllanmasi kabi asarlarni kiritish mumkin. Shu tariq iqtisodiy tahlil fani oʻziga xos tarkibga ega boʻlgan holda shakllandi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida iqtisodiy tahlil boʻyicha yetakchi olimlar (E.A.Akramov, I.T.Abdukarimov, Yo.A.Abdullayev, M.Q.Pardayev, D.Q.Qudbiyev, B.A.Hasanov, A.X.Shoalimov, Ye.Ergeshev, A.Ibrohimov, M.M.Toʻlaxoʻjayeva, T.Q.Qudratov, J.I.Isroilov, B.I.Isroilov, M.Rahimov, X.I.Axmadjonov, U.K.Yakubov, T.Sh.Shogʻiyosov kabilar) safiga yosh olimlar (M.E.Pulatov, Oʻ.T.Esanboyev, A.N.Xolikulov, B.Hakimov, Oʻ.T.Eshboyev, Sh.A.Tojiboyeva, I.R.Berdikulova, Q.M.Misirov, U.A.Nurmanov, O.Norboyev, F.Abduraxmanova, Z.Qodirova kabilar) ham kirib kelmoqda. Bular uchun iqtisodiy tahlil boʻyicha katta tadqiqot bazasi, ilmiy manba va maktab yaratildi.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti olimlari tomonidan M.Q.Pardayev rahbarligida iqtisodiy tahlilning 6 jildlik asari yaratildi. Birinchisi, “Iqtisodiy tahlil nazariyasi”ga bagʻishlangan. Ikkinchi jildida esa “Moliyaviy tahlil” masalalari qarab chiqilgan. Tanlangan asarlarning uchinchi jildi “Boshqaruv tahlili”ga bagʻishlangan. Toʻrtinchi jild bevosita “Loyiha tahlili” muammolarini oʻz ichiga olgan. Beshinchi jildda “Funksional qiymat tahlili” masalalari yoritilgan. Asarlarning oltinchi tomi “Xususiy korxonalar iqtisodiy tahlili”ga bagʻishlangan. Hozirgi kunda ushbu asarlar takomillashtirilib 10 jildlik asarlar ustida ish olib borilmoqda. Bular jumlasiga “Marketing tadqiqotlarida statistik tahlil”, “Mehmonxona xoʻjaliklari faoliyatining iqtisodiy tahlili”, “Turistik firmalar moliyaviy-xoʻjalik faoliyati tahlili”, “Tizimli tahlil” kabilarni kiritish mumkin. Iqtisodiy tahlilning shakllari ham koʻpayib rivojlanib bormoqda. Chunki jamiyatda sodir boʻlayotgan iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlar oʻta murakkablashishi bilan birga koʻlami ham kengayib borishi bunday oʻzgarishlarga sabab boʻlmoqda. Shu tufayli iqtisodiy tahlil fani kelajakda ham muntazam rivojlanib boraveradi. M.Q.Pardayevning rahbarligida 10 jildik iqtisodiy tahlilga bagʻishlangan asar 2019-yilda nashrdan chiqarildi.
Bularning tarkibidan ham koʻrinib turibdiki, mamlakatimizda 80 dan ortiq oliy dargohlar mavjud boʻlishiga qaramasdan iqtisodiy tahlil boʻyicha maktab uchta oliygohda mavjudligini koʻrish mumkin. Bular Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya institutidir. Deyarli barcha tahlilga oid asarlar ushbu oliy oʻquv yurtlari olimlari tomonidan nashr qilindi va qilinib kelinmoqda.
Iqtisodiy tahlilning navbatdagi yoʻnalishi “Moliyaviy tahlil” hisoblanadi. Buning ham nazariy va metodologik asosini yoritish boʻyicha qilingan ishlarning koʻlami ancha keng. Ushbu masalaga ham qisqacha toʻxtalishni maqsadga muvofiq, deb topdik. Bu borada mamlakatimiz olimlari iqtisodiy tahlilni uch qismga boʻlib oʻrganishni tavsiya qilganligi haqida yuqorida aytilgan edi. Bulardan, birinchisi iqtisodiy tahlil nazariyasi boʻlsa, ikkinchisi moliyaviy tahlil va uchinchisi, boshqaruv tahlilidir.
Iqtisodiy tahlil fanning tarkibiy qismlaridan biri boʻlgan «Moliyaviy tahlil” fanining ham tarkibiy tuzilishi shakllandi. Bu boʻyicha ham mamlakatimizda birinchilar qatorida Toshkent moliya instituti va Samarqand kooperativ instituti olimlari tomonidan nashr qilinganligini qayd etish lozim. Bular jumlasiga 1995-yilda nashr qilingan A.T.Ibrohimovning “Moliyaviy tahlil” risolasini, M.K. Pardayevning, yaʼni mazkur ish muallifining “Moliyaviy tahlil metodologiyasi” uslubiy qoʻllanmasi kabilarni kiritish mumkin. M.Q.Pardayev va B.I.Isroilovlar oʻzlarining qoʻllanmasini takomillashtirib 1999-yilda hammualliflikda moliyaviy tahlil fani boʻyicha birinchi boʻlib uning albomini yaratdi va “Iqtisodiyot va huquq dunyosi” nashriyot uyidan bosmadan chiqarildi. Oʻzbek va rus tillarida I.O.Voljin va V.V.Ergashboyevlarning «Moliyaviy tahlil” kitobining nashr qilinishi ham mazkur faning rivojlanishiga turtki boʻldi. Soʻngra ushbu fan boʻyicha bir qancha adabiyotlar nashr qilina boshlandi. Bular jumlasiga X.I.Axmadjonov, M.Yu. Raximovlarning “Moliyaviy tahlil” oʻquv qoʻllanmasini, E.A.Akramovning «Анализ финансового состояния предприятия», keyinroq takomillashtirilgan holda oʻzbek tilidagi “Korxonalarning moliyaviy holati tahlili” kitobini, A.V.Vaxabov va A.T.Ibrohimovlarning “Moliyaviy tahlil” darsligi, X.I.Axmadjonov, N.Ibrohimov, U.Nur-manov “Pul mablagʻlarining hisobi va tahlili”, Raximov M. “Iqtisodiyot subyektlari moliyaviy holatining tahlili” oʻquv qoʻllanma kabilarni kiritish mumkin. Shu tariqa moliyaviy tahlil fani ham mustaqillik yillarida oʻzining shakllanish va rivojlanish bosqichini boshidan kechirdi.
Iqtisodiy tahlilga oid yana bir yoʻnalish “Boshqaruv tahlili” boʻlib, buning ham nazariy va metodologik asosini yoritish boʻyicha qilingan ishlar xususida qisqacha toʻxtalishni maqsadga muvofiq, deb topdik. Iqtisodiy tahlilning tarkibiy tuzilishi boʻlgan «Boshqaruv tahlil” fani boʻyicha ham bir qancha asarlar nashr qilindi va qilinmoqda. Bular jumlasiga M.Q Pardayev rahbarligidagi bir guruh olimlar (A.X.Shoalimov, I.R.Pardayev, J.I.Isroilov) tomonidan yozilgan “Boshqaruv tahlili” oʻquv qoʻllanmasini. Shu nom bilan shu mualliflar tomonidan tayyorlangan maʼruzalar kursini, Toshkent moliya instituti olimlari A.T.Ibragimov va M.Yu.Rahimovlarning “Boshqaruv tahlili” oʻquv qoʻllanmasini, Toshkent iqtisodiyot universiteti olimlari A.X.Shoalimov, Sh.A. Tojiboyevalar tomonidan tayyorlangan «Boshqaruv tahlili” oʻquv qoʻllanmani, A.X.Shoalimov, Sh.A. Tojiboyevalarning “Boshqaruv tahlili” maʼruzalar matni kabilarni kiritish mumkin. “Boshqaruv tahlili” boʻyicha maʼruza matnini 2006-yilda Samarqand qishloq xoʻjalik instituti olimlaridan T.Q.Qudratov ham nashrdan chiqardi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, boshqaruv tahlili xoʻjalik yurituvchi subyektlar axborotlaridan asosan ichki foydalanuvchilar uchun moʻljallangandir. Shu tufayli ushbu tahlil har bir korxona va sohaning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqish lozimligini taqozo qiladi. Ammo ushbu masala hamon boshqaruv tahlilida oʻz yechimini topa olgan emas.
Oxirgi paytlarda boshqaruv tahlilining oʻrniga ayrim tarmoq ahamiyatiga molik asarlar ham paydo boʻlmoqda. Bizning fikrimizcha, iqtisodiy tahlilning umummetodologik masalalari yuqoridagi ikkita qismda (“Iqtisodiy tahlil nazariyasi” va “Moliyaviy tahlil”) yoritilishi va boshqaruv tahlili qismida esa shu tarmoq yoki sohaning oʻziga xos xususiyatlari qarab chiqilishi lozim.
Hozirgi paytda iqtisodiy tahlilning metodik qismi birlashtirilib “Moliyaviy va boshqaruv tahlili” nomi bilan bir kurs sifatida oʻqitilmoqda. Bu borada ham bir qancha asarlar yaratildi. Bular jumlasiga Toshkent moliya instituti olimlari A.V.Vahabov, A.Ibrohimov va N.Eshon-qulovlar tomonidan yaratilgan “Moliyaviy va boshqaruv tahlili” darsligini, Z.A.Sagdullayeva, Sh.A.Rashidova, N.F. Ishankulovlar tomonidan nashr qilingan «Управленческий и финансовый анализ» masalalar toʻplamini, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining iqtisodiy tahlil maktabi tomonidan yaratilgan Ye.Ergeshevning “Iqtisodiy va moliyaviy tahlil” darsligini, M.Q.Pardayev B.A.Hasanov, J.I.Isroilov, M.Ye.Pulatov, Oʻ.T.Esanboyev, A.N.Xolikulovlar tomonidan “Moliyaviy va boshqaruv tahlili” oʻquv qoʻllanmasi, kabilarni kiritish mumkin.
Moliyaviy va boshqaruv tahlili boʻyicha Samarqand maktabi olimlarining qarashlari bir muncha takomillashtirilgan boʻlib, unda iqtisodiy salohiyat, moliyaviy salohiyat tahlili, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining moliyaviy va iqtisodiy mustahkamligini baholash va tahlil qilish yoʻllarini, korxonalarning bankrotligi va raqobat-bardoshligini baholash va tahlil qilish yoʻllari kabi masalalarni oʻqitish lozimligi asoslangan va oʻquv adabiyotlarida tavsiya qilingan.
Shu nuqtai nazardan qaraydigan boʻlsak, boshqaruv tahlilida ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish yoki ish bajarish jarayonlari hamda ular bilan bogʻliq masalalar qaralishi darkor. Oʻz navbatida, moliyaviy tahlilda tegishli axborotlarga (moliyaviy hisobotlarga) asoslangan holda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy holati bilan bogʻliq masalalarni qarab chiqishi lozim. Biroq, hozirgi boshqaruv va moliyaviy tahlil fanlarida koʻrilayotgan masalalar ushbu talabga toʻliq javob bera olgan emas. Bulardan ham koʻrinib turibdiki, hali iqtisodiy tahlilni, uning tarkibiy qismlarini takomillashtirish borasida olimlarimiz va mutaxassislarimiz oldida hal qilinishi lozim boʻlgan ancha muammolar mavjud.
1. Pardayev M.Q. Iqtisodiy tahlil nazariyasi. – Samarqand: Zarafshon, 2001.
2. Vahabov A., Ibrohimov A., Hakimov B. Iqtisodiy tahlil nazariyasi. – T.: TMI, 2003.
3. Shoalimov A.X., Tojiboyeva Sh.A. Iqtisodiy tahlil nazariyasi. – T.: TDIU, 2004.
4. Qudratov T.Q. Iqtisodiy tahlil nazariyasi. – Samarqand, 2004.
5. Pardayev M.Q., Isroilov B.I. Moliyaviy tahlil. – T., 1999.
6. Vahabov A., Ibrohimov A., Ishankulov N. Moliyaviy va boshqaruv tahlili. – T.: Sharq, 2005.
7. Yergeshev Ye. Iqtisodiy va moliyaviy tahlil. – T., 2005.
8. Pardayev M.Q., Isroilov B.I. Iqtisodiy tahlil (1-2 qism). – T., 2001.
9. Pardayev M.Q., Abdukarimov I.T., Isroilov B.I. Iqtisodiy tahlil. – T.: Mehnat, 2004.
10. Abdullayev Yo., Ibrohimov A., Rahimov M. Iqtisodiy tahlil: 100 savol va javob. – T., 2001.
11. Ishankulov N.F. va boshqalar. Iqtisodiy tahlil nazariyasi. – T.: Sano-standart, 2014.
12. Ibrohimov A.T. Moliyaviy tahlil. – T.: Mehnat, 1995.
13. Pardayev M.Q. Moliyaviy tahlil metodologiyasi. – Samarqand, 1996.
14. Voljin I.O., Ergashboyev V.V. Moliyaviy tahlil. – T., 1998.
15. Axmadjonov X.I., Rahimov M.Yu. Moliyaviy tahlil. – T., 2004.
16. Pardayev M.Q. va boshqalar. Boshqaruv tahlili. – T., 2005.
17. Ibragimov A.T., Rahimov M.Yu. Boshqaruv tahlili. – T.: TMI, 2004.
18. Сагдуллаева З.А. ва бошқалар. Управленческий и финансовый анализ. – Т., 2004.