IQTISODIY TAHLIL FANINING OʻZBEKISTONDA SHAKLLANISHI VA RIVOJLANISH TARIXI

Mamayunus Qarshibayevich

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori, iqtisodiyot fanlari doktori

Abstract

Mazkur maqolada Oʻzbekistonda iqtisodiy tahlil fanining shakllanishi va rivojlanish bosqichlari tarixiy jihatdan oʻrganilgan. Tadqiqotda ushbu fan rivojiga taʼsir koʻrsatgan asosiy omillar, ilmiy maktablarning shakllanishi hamda mahalliy olimlarning hissasi tahlil qilingan. Shuningdek, sobiq ittifoq davridan to mustaqillik yillarigacha boʻlgan davrda iqtisodiy tahlil fanining taraqqiyot yoʻnalishlari yoritilgan. Zamonaviy bosqichda esa fan rivojining raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar va xalqaro standartlar bilan uygʻunlashuvi asoslab berilgan.

Keywords

iqtisodiy tahlil, ilmiy maktab, rivojlanish bosqichlari, modernizatsiya, diversifikatsiya, raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar.

Full text

Buxgalteriya hisobi fanining yaratilganligiga 500-yildan oshdi. Shu fan negizida “Iqtisodiy tahlil” fani ham vujudga kelganligiga ham 100-yildan oshdi. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiyotni modernizatsiyalash, diversifikatsiya qilish va innovatsiyalarni joriy qilish sharoitida iqtisodiy tahlil fanining ham roli juda katta, chunki bu fanning amaliyotga tatbiq qilinishi iqtisodiy dastaklarning biri sifatida namoyon boʻlmoqda.

Mustaqil Respublikamiz oʻzining mustaqil fanlariga va har bir fan oʻzining yaratilish tarixiga ega boʻlishi kerak. Xoʻjalik faoliyatini tahlil qilish fani boshqa fanlar singari Oʻzbekistonda ham oʻz tarixiga ega. Bu fan sobiq Ittifoq tarkibidagi boshqa Respublikalar singari Oʻzbekistonda ham uning tarkibida shakllandi.

Iqtisodiy tahlilning Oʻzbekistonda yaratilish tarixini taxminan besh bosqichga boʻlish mumkin Bu quyidagi chizmada ifodalangan (1-rasm).

 

1 davr

XX asrning

60-yillari

Iqtisodiy tahlilning shakllanish davri

2 davr

Shu asrning

70-yillari

Sobiq ittifoq ichida oʻz oʻrniga ega boʻlish va iqtisodiy tahlil maktabining shakllanish davri

3 davr

Shu asrning

80-yillari

Iqtisodiy tahlil maktabining yaratilishi va ittifoq miqyosida matlubot kooperatsiyasi tahlili sohasini egallash

4 davr

Shu asrning

90-yillarning boshlari

Iqtisodiy tahlilning oʻzbek tilida yozilishi va vujudga kelishi davri

5 davr

Mamlakatimizning mustaqillik yillari XXI asr boshlarida

Iqtisodiy tahlilning rivojlanish yillari. Iqtisodiy tahlil boʻ­yicha asarlarning koʻplab vujudga kelishi va chop yetilishi. Bu boʻyicha turli qarashlarning paydo boʻlishi

6 davr

XXI asrning

15 yillaridan keyin

Mamlakatni iqtisodiyotini modernizatsiya, diversifikatsiya qilish, innovatsiyalarni joriy qilish va raqamli iqtisodiyotdan foydalanish davri

 

1-rasm. Oʻzbekistonda “Iqtisodiy tahlil” fanining yaratilish davrlari

 

Rasmdan koʻrinib turibdiki, I davr XX asrning 60-yillariga toʻgʻri keladi. Bu iqtisodiy tahlilning shakllanish davri boʻlib hisoblanadi. Iqtisodiy tahlilning II davri oʻtgan asrning 70-yillariga, aynan Sobiq Ittifoq ichida oʻz oʻrniga ega boʻlish va iqtisodiy tahlil maktabining shakllanish davri bilan bogʻliqdir. III davr 80-yillarga toʻgʻri keladi. Bunda mamlakatimizda iqtisodiy tahlil maktabining yaratilish va ittifoq miqyosida matlubot kooperatsiyasi tahlili sohasini egallash davri boʻlib hisoblanadi.

IV davr ham oʻtgan 90-yillarning boshlari iqtisodiy tahlilning oʻzbek tilida yozilishi va vujudga kelish davridir. V davr mustaqillik yillarining dastlabki yillariga toʻgʻri kelib, iqtisodiy tahlilning mamlakatimizda rivojlanish yillarini boshidan kechirgan davrdir. Bu davr Moliyaviy tahlil boʻyicha koʻplab asarlarning vujudga kelishi va chop etilishi bilan bogʻliq boʻldi. Tahlil boʻyicha turli qarashlarning paydo boʻlishi ham shu davrga toʻgʻri keladi. 6-davr XXI asrning 10-18-yillarda Mamlakatni modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash va innovatsiyalarni joriy qilish sharoitida iqtisodiy tahlil boʻyicha xorijiy tajribalar bilan uygʻunlashtirilishi davri boʻlmoqda.

Shu davrda iqtisodiyotning hozirgi bosqichida Oʻzbekistonning birinchi galda oʻziga xos iqtisodiy taraqqiyot yoʻliga va buxgalteriya hisobi va hisobotining xalqaro standartlarga mos boʻlgan “Iqtisodiy tahlil” fani shakllandi.

Maʼlumki, Oʻzbekistonda uzoq yillar mobaynida oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida tahlil fani asosan markaziy shaharlardagi (Moskva, Leningrad, Kiyev) olimlar tomonidan tayyorlangan darsliklar asosida oʻqitilib kelindi. Ammo bunda oʻzimizga xos xususiyatlar aks ettirilmagan edi. Bu esa 60-yillarga kelib oʻzbekistonlik olimlarni xam bu fan sohasida ijod qilishga daʼvat etdi.

Markazdan chiqadigan darsliklarga muallif sifatida taklif qilinadigan boʻlindi. Jumladan, 1966-yilda Moskvaning “Ekonomika” nashriyotida chop etilgan “Matlubot kooperatsiyasi korxonalar xoʻjalik faoliyatining tahlili” [1] darslikning mualliflari tarkibiga lvovlik O.R.Kmitsikevich novosibirskilik L.A.Falkovichlar bilan birgalikda samarqandlik olim I.N.Toporovskiy ham taklif qilingan edi. Bu darslikda Respublikamizning baʼzi xususiyatlari birinchi marta oʻz ifodasini topdi.

Shu fan boʻyicha masalalar toʻplamini yozishni samarqandlik olimlar oʻz zimmalariga oladilar. 1970-yildagi I.T.Abdukarimov, B.A.Zalesskiy va N.Toporovskiylar tomonidan Moskvaning “Ekonomika” nashriyotida “Matlubot kooperasiyasi korxona va tashkilotlari xoʻjalik faoliyatini tahlil qilish boʻyicha masalalar toʻplami” oʻquv qoʻllanmasi birinchi marta chop etildi [2] . Bu oʻzbekistonlik olimlarning Ittifoq olimlari oʻrtasidagi katta ishonchga sazovor boʻlganligi va ularning tan olinganligidan dalolat edi. Bu oʻquv qoʻllanma chorak asr davomida samarqandlik olimlar tomonidan bir qancha marta qayta ishlanib chop etilib kelindi [3]. Bunda Samarqand kooperativ instituti professori I.T.Abdukarimovning katta xizmatlarini eʼtirof etish lozimdir.

Sobiq Ittifoq olimlari ichida xoʻjalik faoliyatini tahlil qilish fani boʻyicha oʻzbekistonlik olimlarning mavqei uzluksiz oshib bordi. Shu fanga bagʻishlangan qator monografiyalar, oʻquv qoʻlanmalari, risolalar va ilmiy maqolalar chop etila boshlandi. 1968-yilda I.T.Abdukarimov tomonidan “Kooperativ savdoda muomala xarajatlari tahlili” Moskvaning ”Ekonomika” nashriyotida [4], 1971-yilda “Kooperativ savdoda chakana tovar oboroti tahlili” oʻquv qoʻllanmasi Moskva kooperativ instituti nashriyotida, [5] 1973-yilda “Kooperativ savdoda foyda va rentabellik” monografiyasi “Ekonomika” nashriyotida chop etildi [6]. Muallifning bu asarlari sobiq Ittifoq olimlari tomonidan yuksak baholanadilar.

Bu asarlar oʻquv qoʻllanma sifatida butun Ittifoqning barcha oliy oʻquv yurtlarida keng foydalanildi. Professor I.T.Abdukarimov kitoblarining xususiyati shunda ediki, unda hamisha nazariya bilan amaliyot uygʻunlashgan xolda yoritilgan. Shu tufayli deyarli barcha taklif va tavsiyalari amaliyotiga izchilik bilan qoʻllanilib kelindi.

Shunday qilib, 1970-yillarda Samarqandda prof. I.T.Abdukarimov rahbarligida tahlil maktabi tarkib topdi. Bu maktab Ittifoq olimllari tomonidan tan olindi. Natijada Samarqand kooperativ instituti bazasida shu fanning ravnaqiga, uning nazariy va amaliy muammolariga bagʻishlangan bir qancha Butun Ittifoq ilmiy-amaliy konferensiyalari oʻtkazildi.

70-inchi yillarnig ikkinchi yarmiga kelib tahlilchilar safi Oʻzbekiston miqyosida tanila boshlandi va kengaydi. Bu fan boʻyicha oʻzbek tilida darsliklar paydo boʻla boshladi. 1973-yilda “Oʻqituvchi” nashriyotida N.A.Xan tomonidan tayerlangan “Qishloq xoʻjalik korxonalari xoʻjalik faoliyatining analizi” oliy oʻquv yurtlari uchun darsliklar chop etildi [7]. 1979-yilda O.Maxmudovning “Qishloq xoʻjalik korxonalarining xoʻjalik faoliyatini analiz qilish” oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga moʻljallangan oʻquv qoʻllanmasi ham ana shu nashriyotda oʻzbek tilida chop etildi [8]. Bu darslik va oʻquv qoʻllanmalar respublikamizda iqtisodiy tahlilning taraqqiyoti va istiqboli uchun qoʻyilgan ilk qadamlar edi.

Ammo Respublikamizda qishloq xoʻjalik institutlaridan tashqari barcha oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarida maxsus fanlar, jumladan, iqtisodiy tahlil fani ham rus tilida oʻrganilar edi. Shu tufayli qishloq xoʻjaligidan tashqari sohalardan barcha asarlar rus tilida tayyorlandi va chop etildi. 1973-yilda prof I.T.Abdukarimov va dos. M.K.Pardayevlar tomonidan “Kooperativ savdoda mehnat koʻrsatkichlarini tahlili” nomli kitobi Moskvaning “Ekonomika” nashriyotida chop etildi [9]. Bu bilan samarqandlik olimlar tematik tahlilni rivojlantirish borasida yana bir qutlugʻ qadam qoʻydi.

80-inchi yillar oʻzbekistonlik, ayniqsa, samarqandlik olimlar uchun juda sermahsul davr boʻldi. I.T.Abdukarimov, M.K.Pardayev va A.A.Abdiyevlar hamkorligida “Xoʻjalik faoliyatining tahliliga» bagʻishlangan toʻrt tomlik albom yaratildi. Bular Ittifoqdagi barcha kooperativ institutlarga oʻquv qoʻllanmasi sifatida tavsiya qilindi va ular 1983-yilda Samarqand kooperativ institutida chop etildi. Bu albomning birinchi qismi “Iqtisodiy tahlilning nazariy asoslariga” bagʻishlangan boʻlib barcha mavzullar tegishli tizmalarda tushunarli qilib tasvirlangan [10]. Ushbu albomning ikkinchi tomi “Kooperativ savdoda iqtisodiy tahlil” nomi bilan ataladi. Bunda kooperativ savdo korxonalari xoʻjalik faoliyati batafsil tahlil qilingan [11].

Ammo matlubot kooperatsiyasi koʻp tarmoqli soha. Shu tufayli albomning 3 tomi “Matlubot kooperatsiyasi alohida tarmoqlari xoʻjalik faoliyatining tahlili mavzusiga bagʻishlangan [12]. Albomning 4-inchi tomi matlubot kooperatsiyasi tashkilotlarida barcha tarmoqlardan hisobot qabul qilingandan keyingi oʻtkaziladigan tahlil usullarini oʻz ichiga olgan. Bu “Moliyaviy holatining tahlili” deb nomlangan va bunda barcha soha boʻyicha moliyaviy holatining qanday ahvolda ekanligi toʻgʻrisida xulosa qilishga bagʻishlangan [13]. Ushbu tahlil usullari ham aniq chizmalar orqali yoritilgan.

Shunday qilib, Samarqand kooperativ instituti sobiq Sentrosoyuzga qaraydigan oliy oʻquv yurtlari ichida xoʻjalik faoliyatini tahlil qilish fani boʻyicha uslubiy markazga aylandi. Matlubot kooperatsiyasi tizimi uchun darslik va nomunaviy dasturlar shu fan boʻyicha prof. I.T.Abdukarimov boshchiligidagi olimlar maktabiga topshirildi.

1984-yilda I.T.Abdukarimov tomonidan “Matlubot kooperatsiyasi xoʻjalik faoliyatini tahlil qilish” nomli darslik Moskvaning “Ekonomika” nashriyotida chop etildi [14]. Bu darslik Ittifoqdagi barcha kooperativ institutlarga va “Buxgalteriya uchyoti, nazorat va xoʻjalik faoliyatining tahlili” boʻyicha mutaxassislik tayyorlaydigan barcha oliy oʻquv yurtlariga tavsiya qilindi. Bu darslikni keng jamoatchilik va olimlar olami juda yaxshi kutib oldilar. Natijada 1989-yilda ushbu darslik aynan ana shu nashriyotda qayta ishlangan va toʻldirilgan variantida qayta nashr qilindi [15].

Olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy tahlil fani O‘zbekistonda tarixiy jihatdan bosqichma-bosqich shakllanib, izchil rivojlanib kelgan muhim ilmiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Ushbu fan dastlab sobiq ittifoq doirasida shakllangan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan milliy xususiyatlar asosida boyitilib, mustaqil ilmiy maktab darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, XX asrning 60–80-yillarida iqtisodiy tahlil fanining nazariy va uslubiy asoslari yaratilib, mahalliy olimlar tomonidan muhim ilmiy ishlanmalar amalga oshirilgani uning mustahkam poydevorini ta’minladi.

Tadqiqot natijalari shuni ham tasdiqlaydiki, iqtisodiy tahlil fanining rivojlanishida Samarkand ilmiy maktabining o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu maktab vakillari tomonidan yaratilgan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va ilmiy ishlanmalar nafaqat respublika miqyosida, balki sobiq ittifoq doirasida ham keng e’tirof etilgan. Bu esa o‘z navbatida, iqtisodiy tahlil fanining ilmiy maqomini oshirish va uni amaliyot bilan uzviy bog‘lashga xizmat qilgan.

Mustaqillik yillarida esa iqtisodiy tahlil fanining rivojlanishi yangi bosqichga ko‘tarildi. Mazkur davrda fan milliy iqtisodiyot talablariga mos ravishda qayta shakllantirildi, o‘zbek tilida ilmiy adabiyotlar yaratildi hamda tahlil usullarini amaliyotga joriy etish kengaydi. Shu bilan birga, global iqtisodiy jarayonlar, bozor munosabatlari va xalqaro standartlarning kirib kelishi iqtisodiy tahlil fanining mazmun va mohiyatini yanada boyitdi.

Hozirgi bosqichda iqtisodiy tahlil fani iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, diversifikatsiya jarayonlarini chuqurlashtirish hamda innovatsion rivojlanishni ta’minlashda muhim ilmiy-amaliy vosita sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, raqamli iqtisodiyot sharoitida ushbu fan yangi metodlar, tahliliy yondashuvlar va texnologiyalar bilan boyib, boshqaruv qarorlarini qabul qilishda muhim axborot manbai vazifasini bajarmoqda.

Umuman olganda, iqtisodiy tahlil fanining shakllanish va rivojlanish tarixi uning nafaqat ilmiy, balki amaliy ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi. Mazkur fan iqtisodiy jarayonlarni chuqur o‘rganish, samaradorlikni oshirish va asoslangan boshqaruv qarorlarini qabul qilishda muhim nazariy va uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi.